12 Mart 2022 2046

Gandbolchilarimiz uchun qoʻshaloq bayram

Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida zamonaviy sharoitlarga ega yangi gandbol zali qurilayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun ushbu zal tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Zalning ochilish marosimda Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi vakillari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi.

Taʼkidlaganimizdek, zal eng soʻnggi qulayliklarga ega va zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan. Maydonga toʻshalgan parketga ham alohida toʻxtalib oʻtish oʻrinli. Xorijda tayyorlangan yasama maydon xalqaro standartga javob beradi. Unda mashgʻulot olib boradigan sportchilarimizning musobaqalardagi maydonlarga moslashishi ancha oson boʻladi.

Tadbir davomida Adham Ikramov va faoliyatining asosiy qismini ROZKda oʻtkazgan sport faxriysi Erkin Giyazov soʻzga chiqib, davlatimizning mana shunday eʼtibori tufayli gandbolchilarimiz uchun yangi davr boshlangani bilan ushbu sport oilasini samimiy qutlashdi. Marosimning ochilish qismida estradamizning taniqli vakillari oʻz qoʻshiqlari bilan tadbir ishtirokchilariga yanada koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Shundan soʻng gandbolchilarimiz yangi maydonda oʻz mahoratlarini namoyish qilishdi. Oʻrtoqlik maqomida oʻtgan ochilish oʻyinida ROZK va Milliy terma jamoa vakillari oʻzaro bahs olib borishdi.

Qayd etish joiz, oʻtgan yilning 13-avgust kuni Prezidentimiz Olimpiyachilarimizni qabul qilar ekan, kelgusida jamoaviy sport turlarida ham atletlarimizning Olimpiadalarda qatnashishini taʼminlash boʻyicha muhim topshiriq bergan edilar. Bugun “Ipotekabank” aksionerlik tijorat banki homiyligida qurilgan mazkur zal kelajakda gandbolchilarimizning Yangi Oʻzbekiston uchun yangi gʻalabalarni taqdim qilishi yoʻlida xizmat qiladi.

Text to speech