12 Mart 2022 1553

Toshkent viloyatida suzish murabbiylari uchun ilmiy-amaliy seminar oʻtkazilmoqda

Chirchiq shahrida joylashgan Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Oʻzbekiston suzish federatsiyasi tomonidan murabbiy va sportchilar mahoratini yanada toblash maqsadida navbatdagi ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Unda poytaxt viloyatida suzish boʻyicha faoliyat olib borayotgan murabbiylar hamda yetakchi sportchilar ishtirok etishyapti. Seminar anʼanaga koʻra, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA)ning yetakchi ekspertlaridan biri, amerikalik Genadius Sokolovas tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida oʻtkazilmoqda.

«Genadius Sokolovas suzish boʻyicha 23 karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, afsonaviy Maykl Felpsning ustozlaridan biri hisoblanadi. Oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlgan bu inson tomonidan ishlab chiqilgan dasturga nafaqat yurtimizda, balki, dunyoning juda koʻplab davlatlarida qiziqish yuqori. Mutaxassislar bu yerda olgan bilim va tajribalarini oʻzlari faoliyat olib borayotgan joylarda qoʻllashadi. Bu esa mamlakatimizda suzish sportini yanada rivojlanishi va sportchilar mahoratini oshirishga xizmat qiladi», - dedi Oʻzbekiston suzish federatsiyasining yetakchi mutaxassisi Sherzod Inogʻomov.

Reglamentga koʻra, kunning birinchi yarmida nazariy bilimlar berilayotgan boʻlsa, amaliy qismi kechki dasturdan oʻrin olgan. Seminar bugun yakuniga yetadi.

Text to speech