Adhamjon Ergashev, Dilshodbek Roʻzmetov va Roʻza Kuziyevani tabriklaymiz!
Bugun oʻzbek sportining uch nafar yorqin vakillari Adhamjon Ergashev, Dilshodbek Roʻzmetov va Roʻza Kuziyeva tavallud ayyomini nishonlashmoqda. Bokschimiz Dilshodbek Roʻzmetov 1999-yil 12-mart kuni Xorazm viloyatida, ogʻir atletikachimiz Adhamjon esa ayni shu kuni Namangan viloyatida tugʻilgan.
Adhamjon 2014-yil Xitoyning Nankin shahrida boʻlib oʻtgan ikkinchi oʻsmirlar Olimpiadasida bronza medaliga sazovor boʻlib, mutaxassislar eʼtiboriga tushdi. Keyinchalik yosh polvonimiz oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jahon chempioni, kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati sovrindoriga aylandi. 2019-yil Tailandda, 2021-yil Toshkentda oʻtgan dunyo birinchiligi bronza medaliga ega chiqqan. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi. Vatanimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilishdagi xizmatlari uchun 2021-yil davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Dilshodbek Roʻzmetov 2019-yil boʻlib oʻtgan Osiyo va jahon chempionati kumush medali sohibi, koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibiga aylandi. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida -81 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan. Koʻrsatgan natijalari evaziga muhtaram Prezidentimiz iqtidorli bokschimizni “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirladi.
Roʻza Kuziyeva 1994-yil 12-mart sanasida tavallud topgan. Para-pauerlifting boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi 2018-yil Indoneziyada boʻlib oʻtgan Paraosiyo oʻyinlarida musobaqa rekordini oʻrnatib oltin medalga sazovor boʻlgan. 2019-yil oʻtkazilgan jahon chempionatida esa kumush medalni qoʻlga kiritdi. Tokio-2020 Paralipiya oʻyinlarida delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim qilgan. Ushbu natijasi evaziga Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har uch sportchimizni bugungi ayyom bilan tabriklab, ularga ulkan gʻalaba va muvaffaqiyatlar tilab qoladi.