Federatsiyalarni moliyalashtirishdagi “UzASBO” tizimida uchrayotgan masalalar muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi PQ-5281 sonli Qarorida yangi Olimpiada sikli davomida terma jamoalarimiz uchun sarflanayotgan mablagʻlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida federatsiya va assotsiatsiyalarni moliyalashtirishda yangicha tizimdan foydalanish taʼkidlangan edi. Hozirgi kunda mazkur jarayon Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “UzASBO” tizimida amalga oshirilmoqda. Qayd etish joiz, federatsiya va assotsiatsiyalar uchun yangi hisoblangan mazkur tizimda yetarlicha muammolar ham uchrab turibdi. Bugun MOQda mazkur masalalarni bartaraf etishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosarlari Shahrullo Mahmudov hamda Murod Ismoilov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Moliya vazirligi mutasaddilari, federatsiya va assotsiatsiyalarning bosh buxgalterlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Oybek Kasimov kun tartibidagi masalalar haqida gapirib oʻtdi.
“Davlatimiz tomonidan sport sohasini moliyalashtirishda shaffoflikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur tizim biz olib borayotgan ishlar xalqimizga ochiq-oydin koʻrsatilishi yoʻlida muhim. Yangi tizim bilan ishlash boʻyicha federatsiyalarimiz buxgalterlariga seminar va oʻquv darslari oʻtkazdik. Biroq ish jarayonida boshqa vaziyatlar ham uchrab turibdi. Bugun unda uchrayotgan texnik masalalar va muammolarni birgalikda oʻrganamiz, muhokama qilamiz va ularga yechim topishga harakat qilamiz”, – dedi MOQ Bosh kotibi.
Shundan soʻng ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻrganish maqsadida federatsiya buxgalterlarining fikrlari tinglandi. Unda bir qator buxgalterlar federatsiyalarni moliyalashtirish tizimidagi noqulayliklar, kamchiliklar haqida toʻxtalishdi. Ularning soʻzlariga koʻra, texnik uzilishlar va buyruqni tasdiqlashda tizimning uzoq vaqt sarflayotgani ish jarayoniga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.
Bunga javoban Moliya vazirligi masʼullari “UzASBO” tizimini yanada takomillashtirish, uning texnik imkoniyatlarini kuchaytirish uchun dasturchilarga qoʻshimcha topshiriq berilishini, yaqin kunlar ichida bunday vaziyat bartaraf etilishini taʼkidlashdi.
Mutaxassislarning qoʻshimcha qilishicha, sport sohasida boshqa yoʻnalishlarda uchramaydigan turli vaziyatlarga duch kelinmoqda. Yigʻilish davomida ana shunday holatlarda muqobil yechim topish uchun tizim dasturchilari va federatsiya buxgalterlari ishtirokida yana bir uchrashuv tashkil etish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.