Suv polosi boʻyicha ayollar jamoamiz Rossiyada yigʻin boshladi
Suv polosi boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazadi. Taʼkidlash joiz, ushbu yigʻin 9-20-mart kunlari Rossiyaning Ruza shahrida tashkil etiladi.
Bu galgi yigʻinga ham mamlakatimizning bugungi kundagi yetakchi suv polochi qizlari jalb etildi. Mazkur oʻquv-mashgʻulot yigʻini orqali sportchilarni boʻlajak nufuzli musobaqalarga munosib tayyorlash vazifasi belgilangan. Asosiy maqsad esa shu yili Xanchjou shahri (Xitoy)da oʻtkaziladigan XIX Osiyo oʻyinlariga terma jamoani har tomonlama puxta tayyorlashdan iboratdir, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston suzish federatsiyasi matbuot xizmati.
“Oldinda bizni koʻplab masʼuliyatli musobaqalar kutib turibdi. Shu bois tayyorgarlikka zoʻr beryapmiz. Niyatimiz oʻzimiz ishtirok etadigan barcha musobaqalarda imkon qadar yuqori natijaga erishish. Bu galgi yigʻinda biz sportchilarning jismoniy, ruhiy va funksional holatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazamiz. Fursatdan foydalanib bizga zarur barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda mamlakat suzish federatsiyasiga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman”, - deydi ayollar terma jamoamiz bosh murabbiyi Akbar Sodiqov.
Ruza shahridagi suv sporti turlari saroyida tashkil etilgan ushbu yigʻinni hamyurtlarimiz Moskva viloyatining “Shturm-2002” jamoasi bilan hamkorlikda oʻtkazadilar.
Maʼlumki, “Shturm-2002” jamoasi Rossiyaning nomdor klublaridan biri hisoblanadi va ushbu jamoa bilan oʻtkaziladigan yigʻin terma jamoamiz aʼzolarining mahoratlarini yanada oshirish yoʻlida xizmat qiladi.