Sportni rivojlantirish vaziri O‘zbekiston dzyudo federatsiyasiga tashrif buyurdi
Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida bo‘lib, u yerda yo‘lga qo‘yilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Unga o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamrohlik qilishdi. Mehmonlarni MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchiligidagi jamoa qarshi oldi, deya xabar bermoqda federatsiya matbuot xizmati.
«Hurmatli Prezidentimiz sportimizni yanada rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bizga ishonch bildirdilar. Biz Sizlar bilan ushbu ishonchni oqlashga, bir jamoa bo‘lib faoliyat olib borishga bel bog‘laganmiz. Davlatimiz rahbari ommaviy sportni rivojlantirish, kuchli seleksiyani yo‘lga qo‘yish, oliy sport yutuqlari nufuzini oshirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatma berganlar. Shubhasiz, bunday ishlarni bajarishda ahil jamoa bo‘lishimiz lozim. Men federatsiyalar bilan tanishishni bejiz dzyudodan boshlamadim. Deyarli barcha Olimpiadalarda bu sport turi mamlakatimizga medal taqdim etib kelgan. Oldimizda yilning eng muhim musobaqasi - Osiyo o‘yinlari bor. Qolaversa, bu yil O‘zbekiston ilk bor dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ana shu musobaqalarga barchamiz bir yoqadan bosh chiqargan holda jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», – dedi Adham Ikramov.
Vazir federatsiyada faoliyat yuritayotgan shifokor, diyetolog va massajchilarimiz bilan alohida suhbat qurdi. Ularning dzyudochilar erishajak g‘alabalarda hissasi ulkan bo‘lishini, buni his qilgan holda hamisha ishga astoydil yondashishlari kerakligini ta’kidladi.
«Men Olimpiya qo‘mitasidagi yig‘ilishda ham aytdim va yana takrorlayman, biz federatsiyalarimizga «nima berasan?» degan savol berishdan avval «nima kerak?» deb murojaat qilishimiz lozim. Ularning barcha muammolarini o‘rganib, ularga yechim topganimizdan so‘nggina natija talab qilishimiz mumkin», – deya qo‘shimcha qildi Sportni rivojlantirish vaziri.
Adham Ikromov federatsiyaga tashrifi davomida har bir yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan alohida suhbatlashdi. Muammo va kamchiliklar haqida so‘radi. Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizning barcha hududlarida dzyudo maktablarining qurilishi va ularning yosh sportchilar ixtiyoriga topshirilish jarayoniga ijobiy baho berdi. Seleksiya jarayonini jonlantirish yo‘lida bu ixtisoslashtirilgan maktablar katta ahamiyatga ega ekanini urg‘uladi.