8 Mart 2022 2338

Aziz ayollar, muhtaram opa-singillar, bayramingiz muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Sizlarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan sport jamoatchiligi, Olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan samimiy muborakbod etadi.

Mamlakatimiz sportida xotin-qizlarning tutgan o‘rni beqiyos. Zero, mustaqil O‘zbekistonimizning Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ilk medali va chempionligi ham Sizdek munis ayol atletimiz tomonidan tarixga bitilgan. Bugungi kunda ham Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ulkan. Buning yaqqol misoli sifatida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchi ayollarimiz soni har qaysi Olimpiadalardagidan ham ko‘p (30 nafar) bo‘lganini aytishimiz mumkin. Ishonamizki, kelajakda bu ko‘rsatkich yanada ortib, sportchi qizlarimiz Olimp shohsupasida yana Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Siz aziz opa-singillarimizni yana bir bor bugungi ayyom bilan muborakbod etib, barchangizga uzoq umr, sihat-salomatlik va oilaviy tinchlik-xotirjamlik tilab qoladi. Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Text to speech