Velosportchilarimiz Turkiyadagi xalqaro musobaqada oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi
Turkiyadan yana bir xushxabar. Velosportchilarmiz “Grand Prix Mediterranien” musobaqasida ishtirok etib, oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Turkiya yig‘ini doirasida navbatdagi musobaqa ayollar o‘rtasida tashkil etildi. Unda hamyurtimiz Yanina Kuskova start olgan 76 sportchilar orasida marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Ushbu g‘alaba sportchimizga Xalqaro velosportchilar ittifoqidagi (UCI) reyting uchun 40 ochko taqdim qiladi. Shuningdek, yana bir yosh umidli vakilimiz Anna Kulikova shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Kulikova esa reytingdagi ochkolari sonini 25 taga ko‘paytirib olmoqda.
Hamyurtlarimizning yuqori natijasi bu bilan yakunlanmadi. Kuchli beshlikdan joy olgan Yaninaning singlisi Anna Kuskova reyting uchun yana 5 ochko jamg‘arib qo‘ydi. Shu tariqa, terma jamoamizning UCI reytingidagi ochkolari 70 taga yetdi.
Terma jamoamizning Turkiyadagi yig‘ini 22 martga qadar davom etadi. Bunday yuqori tayyorgarlikdan so‘ng jamoamizni Tojikistonda o‘tadigan shossedagi Osiyo chempionati kutib turibdi.