Elshod Rasulovni tabriklaymiz!
Bugun taniqli bokschimiz, hozirda ayollar terma jamoasini boshqarib kelayotgan Elshod Rasulov tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Elshod Rasulov 1986 yil Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Ko‘p yillar boks bo‘yicha terma jamoamiz sharafini munosib himoya qilgan qahramonimiz avvaliga qilichbozlik sport turi bilan professional tarzda shug‘ullangan. Keyinchalik boks uni o‘ziga ohanrabodek tortdi.
Rasulov 2004 yilda yoshlar o‘rtasida, 2006 yil harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi, ikki karra Osiyo chempioni, ikki karra Osiyo o‘yinlari oltin medal sohibi, uch karra jahon chempionati sovrindori kabi yutuqlarga erishgan. Bokschilik faoliyatida uch marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. 2012 yil London Olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori bo‘lgan Rasulov «Mehnat shuhrati» ordeni, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Bugungi kunda ayollar boks terma jamoamiz murabbiylar shtabida faoliyat olib borayotgan faxrimiz 36 yoshni qarshi olmoqda.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Elshod Rasulovni tug‘ilgan kuni bilan muborakbod etib, unga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.