5 Mart 2022 1827

Taekvondochilarimiz Osiyo chempionatini 7 ta medal bilan yakunlashdi

Eronda taekvondo bo‘yicha klublar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Bugun erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda terma jamoamiz vakillari 4 ta medal qo‘lga kiritishdi.

Kutilganidek, Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulug‘bek Rashitov o‘z vazn toifasida yana bir bor tengsiz ekanligini isbotlab, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, barcha raqiblarini mag‘lub etgan Shuhrat Salayev ham jamoamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qilgan bo‘lsa, Nikita Rafalovich hamda Jasur Jaysunov bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha qizlar o‘rtasida kechgan bahslarda Feruza Sodiqova oltin, Charos Qayumova hamda Svetlana Osipova bronza medaliga ega chiqishgan edi. Shu tariqa, taekvondochilarimiz mazkur musobaqani 3 ta oltin va 4 ta bronza, jami 7 ta medal bilan yakunlashdi.

Endi sportchilarimiz "Fajr Open" musobaqasi doirasida bahs olib borishadi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasini tabriklab, jamoamizga kelgusi turnirlarda ham omad tilaydi.

Text to speech