Shanrit Vongprasert: “O‘zbekiston Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tkazishiga ishonaman”
Xorazmda Osiyo voleybol konfederatsiyasi ijrochi direktori Shanrit Vongprasert rahbarligida xalqaro seminar o‘z yakuniga yetdi. Bugun ushbu mehmon boshchiligidagi seminar qatnashchilari MOQda mehmon bo‘lishdi. Tashrif davomida Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev mehmonlar bilan ushbu sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha suhbat qurdilar.
Suhbat davomida Ravshan Irmatov voleybol sportining mamlakatimizdagi rivoji xususida to‘xtalib o‘tdi.
“Voleybol so‘nggi paytda yurtimizda jadal suratlarda rivojlanayotgan sport turlaridan biri. Ayniqsa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining federatsiyamizga rahbar bo‘lishi uning yoshlarimiz orasidagi ommaviyligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu sport diyorimizda o‘ziga xos an’anaga ega. Davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar bilan uning zamon bilan hamnafas bo‘lib rivojlanishida xizmat qilmoqda”, – dedi R.Irmatov.
O‘z o‘rinida Vongprasert janoblari ham bu boradagi o‘zining iliq fikrlarini bildirdi:
“Tashrifim davomida O‘zbekistonda voleybol jadal suratlarda rivojlanayotganiga guvoh bo‘ldim. Seminar bilan bir vaqtda tashkil etilgan musobaqada yosh sportchilarning mahorati menda iliq taassurot qoldirdi. Yozda Toshkentda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu konfederatsiyamiz tomonidan O‘zbekistonga ishonib topshirilgan dastlabki yirik turnir bo‘ladi. Tashrif davomida guvoh bo‘ldimki, mamlakatingiz uni yuqori saviyada o‘tkazishga qodir”.
Suhbat davomida voleybol sportini yurtimizda yanada rivojlantirish, ko‘plab mahalliy va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish orqali uning ommaviyligini oshirish kabi istiqbolli rejalar xususida fikr almashildi.