3 Mart 2022 1858

Yosh qilichbozlarimiz Osiyo chempionatini 15 ta medal bilan yakunlashdi!

Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. 8 kun davom etgan musobaqani yoshlar o‘rtasidagi jamoaviy dasturlar yakunlab berdi.

Ahamiyatlisi, o‘smirlarimiz musobaqa doirasida 12 ta medal jamg‘arishga erishgan bo‘lsalar, yoshlarimiz bu ko‘rsatkichni uchtaga yaxshilashga erishishdi. Bugungi bahslarda qayd etilgan natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, barcha jamoalarni mag‘lub etgan shpagachi qizlarimiz oltin, finalda biroz omad yetishmagan rapirachi yigitlarimiz kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

Qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi OCh.
Qizlar, Shpaga:
1. O‘zbekiston
2. Hindiston
3. Qozog‘iston

Qizlar, rapira
1. Gonkong
2. Qozog‘iston
3. BAA

Yigitlar, rapira:
1. Gonkong
2. O‘zbekiston
3. Hindiston

Yakunda 5 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medallarini jamg‘argan yoshlarimiz umumjamoa hisobida qit’a birinchiligini ikkinchi o‘rinda yakunlashdi. Bu borada birinchi o‘rin gonkonglik qilichbozlarga nasib etdi. Hamyurtlarimiz qo‘lga kiritgan oltin medallar soni teng, faqat kumush medallar soni bo‘yicha kichik ustunlik sharqiy Osiyo jamoasini peshqadamga aylantirdi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha kuchli uchlik:
1. Gonkong – 5-4-4
2. O‘zbekiston – 5-3-7
3. Qozog‘iston – 1-3-2

Qayd etish joiz, o‘smirlar va yoshlar jamoalarimiz bu bilan Osiyo chempionatlarida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijalarini qayd etdilar. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bunday ajoyib ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi, sportchi va murabbiylarimizni samimiy muborakbod etadi.

Text to speech