3 Mart 2022 1152

Bu gal sport shifokorlari “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi

Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekiston sport faxriylari kengashi uzoq yillar sportimiz rivojiga hissa qo‘shgan faxriylarimizni taqdirlashda davom etadi. Bugun MOQda sport tibbiyoti sohasida mehnat qilgan o‘z kasbining fidoyilariga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Tadbir MOQ, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi hamda Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Kirish nutqida Kengash raisi Bahodir Maxsitov sportchilarimizning ulkan muvaffaqiyatlarga erishishida, ularni eng muhim startlarga sog‘-salomat yetkazishda mehnat qilgan shifokorlarning xizmatini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng uzoq yillar terma jamoalarimizda, RSTIAMda, umuman, sport sohasida faoliyat olib borgan fidoyi shifokorlarimizga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Tadbirda RSTIAM mutasaddilari mehmonlarning soha rivojiga qo‘shgan hissalari, faoliyatlaridagi o‘ziga xos mashaqqat haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. O‘z navbatida, yakunida taqdirlangan shifokorlarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, yosh shogirdlariga hali hamon o‘z bilimlarini ulashishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Text to speech