2 Mart 2022 2111

Yodgor Sa’diyev va bir qancha sportimiz fidoyilariga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi

O‘zbekiston sport faxriylari kengashi faoliyati davomida uzoq yillar mamlakatimiz sportini rivojlantirish yo‘lida xizmat qilgan fidoyilarimizga ehtirom ko‘rsatib kelmoqda. Bugun ham umrining katta qismini sportimizning bugungi darajasiga chiqishida o‘z hissalarini qo‘shgan bir guruh fidoyilarimizga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi. Ushbu tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh faxriylarimiz ishtirok etishdi.

Tadbirni Oybek Kasimov ochib berar ekan, ishtirokchilarga o‘zining iliq tilaklarini bildirdi.

“Avvalambor, Sizlarni yana bir bor Qo‘mitamizda ko‘rib turganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Sizlar bizning ustozimizsiz. Bir necha yil avval Sizlar mamlakatimizda boshlab bergan Olimpiya harakatini bugun biz davom ettirmoqdamiz. Sizlarning yurtimiz sporti rivojiga qo‘shgan hissangiz haqida qancha gapirsak ham oz. Bahodir aka boshchiligidagi faxriylar kengashi jamoasi so‘nggi davrda ancha faol ishlamoqda. Biz ular bilan yonma-yon turib, barcha yordamni ko‘rsatishga tayyormiz”, – dedi Oybek Kasimov.

So‘ng Bahodir Maxsitov bugun ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan faxriylar faoliyati haqida qisqa gapirib o‘tdi. Shundan keyin turli davrlarda o‘zbek sporti rivoji yo‘lida xizmat qilgan Saidmuxtor Saidqosimov, Yodgor Sa’diyev, To‘lagan Isoqov, Shuhrat Dehqonov kabi fidoyilarga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Tadbirda taqdirlangan mehmonlar va ishtirokchilar davlatimiz tomonidan bugungi kunda sportga qaratilayotgan e’tibor, faxriylarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida alohida gapirib o‘tishdi. O‘zlari faoliyat olib borgan davr, yaqin o‘tmishdagi yorqin xotiralar bilan o‘rtoqlashib, dildan suhbat qurishdi.

Text to speech