Sport shifokorlari seminarda bilimlarini oshirishmoqda
Hozirda sport tibbiyotining rivojlanishi tibbiyot va sport yo‘nalishlari kesimida muhim o‘rin egallaydi. Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan sportni rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. O‘z o‘rnida, atletlarning jismoniy holatini yuqori darajada ushlash va ularning muvaffaqiyatga erishishlarini ta’minlashda tibbiyot xodimlarining ham xizmati katta.
MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tomonidan sport tibbiyoti xodimlari: shifokor, diyetolog, psixolog va farmakologlarning kasbiy mahoratlarini mustahkamlashlari uchun 28 fevraldan – 4 martga qadar o‘quv-seminar kurslari tashkillashtirildi.
Seminarning birinchi kunida ishtirokchilarga sport va tiklovchi tibbiyot asoslari, hamda antidoping nazorati haqida ma’ruzalar o‘qib eshittirildi. Ma’ruzalar sport shifokorlari nazarida antidoping qoidalari; Dopingdan foydalanishning salbiy tomonlari; sport reabilitatsiyasida fizioterapiyaning qo‘llanilishi; sportchilarni medikamentoz va nomedikamentoz, hamda fizioterapevtik davolash usullariga bag‘ishlandi.
Bugun seminar doirasida sport diyetologiyasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar rejalashtirilgan. Bunda ishtirokchilarga sportchilarning jismoniy mashg‘ulotlari davrida ovqat hazm qilish fiziologiyasi, to‘g‘ri ovqatlanish va taom ratsionining buzilishidagi holatlar mavzusida ma’ruzalar tayyorlangan. Shu bilan bir qatorda, “Ratsional ovqatlanish – og‘ir jismoniy zo‘riqishga moslashish va tiklanish uchun kuchli vosita”, “Sportchilarda quvvat muvozanati: quvvat sarfini aniqlash va me’yoriy ovqatlanishni baholash”, “Quvvat, makro va mikroelementlar, biologik faol moddalarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq to‘ldirish va organizmning suv balansini saqlab turish bilan sportchining to‘g‘ri ovqatlanishini shakllantirish”, “Mashg‘ulot jarayonini tashkil etishning muhim talablari haqida”gi ma’ruzalar ham taqdim etiladi.
Ma’ruzachilar – yuqori malakali ilmiy unvonlar (tibbiyot fanlari doktori va nomzodi)ga ega bo‘lgan mutaxassislardir. O‘quv-seminar kurslari yakunida ishtirokchilarga sertifikat taqdim etiladi.