1 Mart 2022 1894

“Stranja” qahramonlari Vatanga qaytishdi

Bolgariyaning Sofiya shahrida "kichik jahon chempionati" sifatida e’tirof etiladigan "Stranja" xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan bokschilarimiz bugun tunda O‘zbekistonga qaytib kelishdi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Marosimda Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari, keng sport jamoatchiligi va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov bokschilarimizni qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularga kelgusida ham mana shunday chiroyli g‘alabalarni tilab qoldi.

Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qayd etish lozimki, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi terma jamoalar ikkita tarkib bilan ishtirok etgan musobaqada bunday natijani qayd etish, boks hamjamiyati orasida shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz safida quyidagi bokschilarimiz sovrindor bo‘lishdi:

Oltin:
-51 kg: Hasanboy Do‘smatov
-57 kg: Abdumalik Xalakov
-63,5 kg: Mujibillo Tursunov
-80 kg: Odiljon Aslonov
-92 kg: Madiyar Saidrahimov
+92 kg: Lazizbek Mullajonov

Bronza:
-52 kg: Tursunoy Rahimova

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston boks federatsiyasi, sportchi va murabbiylarimizni ushbu musobaqada qoʻlga kiritgan ajoyib natija bilan tabriklab, bokschilarimizga keyingi musobaqalarda ham ulkan gʻalabalar tilaydi.

Text to speech