28 Fevral 2022 2007

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi yevropalik mutaxassis bilan shartnoma imzoladi

O‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi katta marralarni zabt etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashladi. Federatsiya xalqaro maydondagi natijalarni yanada kuchaytirish maqsadida germaniyalik mutaxassis bilan shartnoma imzoladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida tashkil etildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita vitse-prezidenti, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov va jamoamizda yangi ish boshlagan germaniyalik mutaxassis Marko Shpitka qatnashdi.

Dastavval, Oybek Kasimov o‘zbek dzyudosining so‘nggi yillarda erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlari haqida to‘xtaldi.

“Dzyudo o‘zbek sportida muhim o‘ringa ega. Muhtaram Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘zbek dzyudosi yildan yilga rivojlanishda davom etmoqda. Mustaqil O‘zbekistonimizning Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan ilk medali ham ushbu sport turiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi Olimpiadalarda dzyudochilarimiz delegatsiyamiz hisobiga qimmatli medallarni taqdim qilishmoqda. Hozirda afsonaviy Ilias Iliadis boshchiligidagi jamoamiz bu yil Toshkentda o‘tadigan jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu yo‘lda Siz kabi ulkan tajribaga ega mutaxassislarning yordami bizga juda ham as qotadi”, – dedi Oybek Kasimov.

Shundan so‘ng Azizjon Kamilov Marko Shpitkaning jamoamizdagi faoliyati, oldiga qo‘yilgan rejalar haqida to‘xtaldi:

“Janob Shpitka jahon dzyudosida ulkan tajribaga ega. Uning zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatiladi. Jumladan, terma jamoalar uchun strategik rejalar ishlab chiqish, mashg‘ulotlar jarayonini yanada chuqur tahlil qilish, sport tibbiyotida erishilgan so‘nggi yutuqlarni terma jamoalarimizga olib kirish, ayollar dzyudosi rivojini yanada kuchaytirish va boshqalar. Ma’lumki, bu yil oldinda bizni ulkan startlar kutib turibdi. Ularda yuqori natijalarga erishish uchun jamoamizga Marko Shpitkadek mutaxassislarning xizmati ayni muddao bo‘ladi”.

O‘z o‘rnida, germaniyalik mutaxassis terma jamoamizda faoliyat boshlayotganidan xursand ekanini yashirib o‘tirmadi.

“Kuni kecha yakuniga yetgan Tel-Aviv “Katta dubulg‘a” turnirida xorijlik do‘stlarim O‘zbekiston terma jamoasida faoliyat boshlayotganimni eshitib, meni qutlashdi. O‘zbek dzyudosini katta kelajak kutmoqda. Yoshlaringizning texnikasi va g‘alabaga bo‘lgan shijoatiga doim qoyil qolganman. Yangi jamoada o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlar yo‘lida bor kuchimni ishga solaman”, – dedi germaniyalik mutaxassis.

Shu o‘rinda Marko Shpitkaning faoliyatiga nazar tashlasak. U 1971 yil Germaniyada tavallud topgan. Sportchilik faoliyati davomida Yevropa chempioni, jahon chempionati (1997) hamda Atlanta-1996 Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi bo‘lgan. Murabbiylik faoliyati davomida 2007-2019 yillar Avstriya terma jamoasida ulkan yutuqlarga erishdi. 7-dan qora belbog‘ sohibi.

U o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentda o‘tgan kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida bahslarni bevosita kuzatib borib, terma jamoamizga nomzod sportchilar bilan yaqindan tanishgandi. U kabi mahoratli murabbiylarning terma jamolarimizga jalb qilinishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida” PQ-5281 Qarorida ko‘rsatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yo‘lidagi ishlardan biri sifatida ham e’tirof etish mumkin.

Yangi murabbiy kelgach Ilias Iliadis jamoamiz bosh murabbiyi sifatida ishlashda davom etadi. Marko Shpitka Kamol Murodov, Nurali Qobulov, Jamshid Xudoyberganov, Nellya Kiyamova, Rafgat Izmaylov, Iskandar Rasulov, Qahramon Nurillayevlar bilan murabbiylar shtabidan joy oladi va rejalarni muvofiqlashtirgan holda ishlashda davom etadi.

Text to speech