28 Fevral 2022 2033

O‘smir qilichbozlarimizning natijasi ertangi porloq kelajakdan nishona

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Hozirga kelib, o‘smirlar toifasidagi bellashuvlar yakunlanib, natijalar sarhisob qilindi.

Quvonarlisi, unda shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz 6 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida yakkapeshqadamlik qilishdi. Ikkinchi o‘rin 4 ta oltin, 1 ta kumush va 5 ta bronza medalini jamg‘argan Gonkong jamoasiga, uchinchi o‘rin esa 2 ta oltin va 2 ta bronza medallarini jamg‘argan Qozog‘iston termasiga nasib etdi.

Qilichbozlik bo‘yicha U-17 Osiyo chempionati.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha kuchli uchlik:
1. O‘zbekiston – 6-4-2
2. Gonkong – 4-1-5
3. Qozog‘iston – 2-0-2

Qayd etish joiz, bu yosh toifasidagi qilichbozlarimizning aksariyati “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari va Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlariga hozirdan tayyorlab borilayotgan avlod hisoblanadi. Bugun Osiyo chempionatida qayd etilayotgan bunday yuksak natija federatsiya rahbariyati va murabbiylar shtabi tizimli va puxta ishlab chiqilgan istiqbolli reja asosida to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganidan dalolat bermoqda.

Bugundan Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida o‘tayotgan musobaqada 20 yoshgacha bo‘lgan qilichbozlarimiz bahslarga kirishishdi. Bo‘lajak bellashuvlarda yoshlarimizga ham o‘smirlar kabi muvaffaqiyatli ishtirok tilab qolamiz.

Text to speech