24 Fevral 2022 2871

Istanbuldan xushxabar: Uch polvonimiz finalda, yana biri bronza uchun kurashadi

Istanbul shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha reyting turniri murosasiz kurashlar ostida davom etmoqda. Quvonarlisi, kechki dasturda to‘rt nafar yunon-rum kurashchimiz nufuzli musobaqa medallari uchun gilamga chiqadi. 63 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Islomjon Bahromovdan so‘ng Mahmud Baxshilloyev (67 kg) va Rustam Assakalov (97 kg) ham final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Dastlab Bahromov yarim finalda qirg‘izistonlik Dastan Kadirovdan 9-1 hisobida ustun keldi. Uning finaldagi raqibi moldovalik Viktor Chiobanu bo‘ladi.

Assakalov yarim finalda norvegiyalik Feliks Baldaufni 7-1 hisobida yengdi. U oltin medal uchun finlyandiyalik Arvi Martin Savolaynenga qarshi gilamga chiqadi.

Mahmud Baxshilloyev esa yarim finalda turkiyalik Furkan Yildizni 4-3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Buxorolik polvonimiz finalda norvegiyalik Morten Toresenga qarshi bahs olib boradi.

Uchta Olimpiada ishtirokchisi Mo‘minjon Abdullayev esa kechki dasturda qozog‘istonlik Alimjan Sizdikovga qarshi bronza medali uchun gilamga chiqadi. U biroz avval bronza yo‘lidagi o‘tish bahsida finlyandiyalik Konsta Mayeinpaini 5-1 hisobida yengdi.

Text to speech