Toshkentda start olgan qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatining matbuot anjumani o‘tkazildi
Bugun poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlandi. 4 martga qadar davom etadigan ushbu musobaqada qit’amizning eng sara yosh qilichbozlari g‘oliblik uchun bahs olib borishadi. Bugun bellashuvlar bo‘lib o‘tayotgan Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS) musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salim bin Sulton Al Qosimi, Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Vitaliy Logvin, MDIS rektori Jasur Salihov, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, shuningdek, bir qator rasmiylar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastavval, Sulton Al Qosimi musobaqaning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.
“Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston hukumati qilichbozlik bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar va tadbirlarimizni qo‘llab-quvvatlab, uni yuqori saviyada tashkil etishimizda yordam beradi. Buning uchun mamlakatingizga tashkilotimiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni yo‘llamoqchimiz. Musobaqa qit’amizning yosh yulduzlarini kashf etish yo‘lida juda muhim”, – dedi OQK rahbari.
Shundan so‘ng asli o‘zbekistonlik Vitaliy Logvin xalqaro maydonda o‘zbek qilichbozligining erishib borayotgan muvaffaqiyati xususida gapirdi:
“Avvalambor, men uchun qadrli O‘zbekistonda bo‘lganimdan mamnunman. Har gal Toshkentga kelar ekanman, ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapman. Bu mamlakat prezidenti olib borayotgan islohotlarining samarasi. Buni birgina qilichbozlik sportida ham ko‘rayotganimizni alohida e’tirof etmoqchiman. O‘zbek qilichbozligi bir necha yil avval yangi tug‘ilish davrini boshladi va tez suratlarda ijobiy natijalarga erishmoqda. Zaynab Dayibekova misolida aytishimiz mumkinki, bu terma jamoa vakillarini katta kelajak kutmoqda”.
Anjuman davomida Gulnora Saidova rivojlanish strategiyasi yo‘lida tuzilgan rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
“Ulkan yutuqlarga erishish yo‘lida ushbu sport turining mamlakatimizdagi ommaviyligini oshirish ham juda muhim. Bu yo‘lda dastlab yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi turli nufuzli musobaqalarni o‘tkazyapmiz. Ularda to‘plangan tajriba orqali kelgusida kattalar toifasidagi turnirlarni qabul qilamiz. Aytish mumkinki, xalqaro federatsiya hozirdanoq bir qator musobaqalarni bizga ishonib topshirmoqchi. Rejamizda kelasi yildan kattalar o‘rtasidagi Jahon kubogini qabul qilish maqsadi bor”, – dedi federatsiya bosh kotibi.
Anjumanda institut rektori bu kabi xalqaro musobaqalarni qabul qilish orqali talabalar orasida ommaviy sportni yanada targ‘ib qilish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish ko‘zda tutilganiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, OAV vakillari ushbu musobaqa va uning atrofidagi tadbirlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Osiyo chempionati doirasida bugun o‘smir qizlar rapira, yigitlar esa shpaga hamda sablya qurollarida g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.