Sportchilarga virtual psixologik xizmat ko‘rsatish mexanizmi joriy etilmoqda
Zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda, sport sohasiga ham innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarur. Sportchilarga psixologik xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, pandemiya sharoitida ularni bu borada qo‘llab-quvvatlab borish har doimgidan ham muhimdir. Yuqoridagilarni inobatga olib, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tomonidan sportchilarga virtual psixologik xizmat ko‘rsatish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, kerakli tavsiyalarni o‘z vaqtida berib borish maqsadida telegram tarmog‘ida @sportchiga_psixologik_yordambot nomli qayta aloqa boti tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur bot ishga tushirilgan bo‘lib, milliy terma jamoa sportchilariga istalgan vaqtda va istalgan joydan turib psixologik maslaxat olishlari imkonini beradi.
Alohida ta’kidlash joizki, @sportchiga_psixologik_yordambot qayta aloqa botiga sportchilar tomonidan yuborilgan savollar Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazining Sport psixologiyasi bo‘limi psixologlari tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda sportchilarga kerakli individual-psixologik tavsiyalar beriladi yoki kerakli yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tiladi. Psixologlarning etika kodeksiga asosan sportchilarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishi ta’minlanadi.