O‘zbek futbolining faxri Axbor ota Imomxo‘jayev 86 yoshda!
Bugun o‘zbek sporti, xususan, jurnalistikasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan inson Axbor ota Imomxo‘jayev 86 yoshni qarshi olmoqda.
Axbor Rustamovich Imomxo‘jayev 1936 yil 19 fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Umrini jismoniy tarbiya va sport targ‘ibotiga baxshida qilgan ushbu inson zamonaviy o‘zbek sport jurnalistikasi va futbol sharhlovchiligi maktabining asoschilaridan biridir.
Futbol faxriysi. Butun umri davomida ommaviy sport targ‘iboti bilan mashg‘ul bo‘lgan. Futbol sohasida ko‘plab kitoblar muallifi. Faoliyati davomida futbol uchrashuvlarida hakamlik qilib, Respublika toifasidagi hakam darajasigacha yetib borgan. 10 yil davomida O‘zbekistonning eng yaxshi hakamlari qatorida bo‘lgan. “Paxtakor” futbol klubida jamoa boshlig‘i lavozimida ishlagan. O‘zbekiston televideniyesida sport tahririyati sharhlovchisi, bo‘lim mudiri va bosh muharrir lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Uning qalamiga mansub “Futbol – quvonchim, dardim, faxrim”, “Maftuningman, futbol” va “O‘zbegimning Mirjaloli”, o‘zbek futbolining 100 yilligiga bag‘ishlab “Asr futbolidagi asl qadrdonlarim” kabi kitoblari futbol muxlislarida katta qiziqish bilan kutib olingan va hozirgacha sevib mutolaa qilinadi. Axbor ota o‘zbek sporti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, Turon fanlar akademiyasining akademigi va O‘zbekiston jurnalistlarining “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Axbor ota Imomxo‘jayevni tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.