16 Fevral 2022 3188

Rustam Shoabdurahmonov: "Sportchilarimizga g'oliblik ruhini beraylik"

O'zbekiston MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov ayni kunlarda Turkiyada o'quv-mashg'ulot yig'inida bo'lib turgan terma jamoamiz vakillari bilan bog'lanib, ularning holidan xabar oldi. ZOOM platformasida o'tgan yig'ilishda O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari ham ishtirok etishdi.

Suhbatda so'nggi yillar Prezidentimiz tomonidan barcha sport turlari qatori velosportga ham qaratilayotgan e'tibor haqida alohida to'xtalib o'tildi. Shuningdek, federatsiya raisi Tanzila Narbayevaning ham jamoamizni qo'llab-quvvatlashdagi, mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga e'tiborning yanada ortishidagi xizmatlari tilga olindi. Velosportchilarimiz uchun uzoq kutilgan professional klubning tashkil etilishi, 2 yosh vakilimizning Fransiya klubi tarkibiga borib qo'shilganini bu borada olib borilayotgan ishlarning amaliy tasdig'i sifatida ko'rish mumkin.

Onlayn muloqotda Turkiya yig'inida jamoamizning oldiga qo'yilgan maqsadi, sportchilarimizning qanday tayyorgarlik ko'rayotgani, yig'in doirasida hafta yakunida ishtirok etadigan xalqaro musobaqalari bo'yicha fikrlar almashildi. Rustam Shoabdurahmonov velosportchilarimiz bilan alohida gaplashib, ularga o'zining iliq tilaklarini yo'lladi. Shuningdek, u MOQ tomonidan "Tashkent city professional cycling team" jamoasi poygachilari moddiy qo'llab-quvvatlanishini ta'kidladi.

"Biz musobaqalarga tayyorlanishdagi qarashimizni butunlay o'zgartirishimiz kerak. Barchamiz Tokio Olimpiadasidan so'ng kerakli xulosani chiqardik. Trassa, tatami, havza, ring – barchasi qanday tayyorgarlikda kelganimizni ko'rsatadi. Parijda o'zimizni yanada kuchli ko'rsatishimiz kerak. Buning uchun sportchilarimizga g'oliblik ruhini berishimiz kerak. Turizm va sport vazirligi hamda MOQ tomonidan barcha yordam ko'rsatiladi", – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Rejalarga to'xtaladigan bo'lsak, Velosportchilarimizning Turkiya yig'ini 21-martga qadar davom etadi. Shundan so'ng ular Tojikistonda shosseda o'tadigan Osiyo chempionatiga yo'l olishadi. Jamoa oldiga ushbu musobaqa va yig'inlar orqali joriy yil kutib turgan Osiyo o'yinlari va boshqa yirik musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko'rish vazifasi qo'yilgan.

Text to speech