16 Fevral 2022 4001

O‘zbekiston delegatsiyasining Pekin-2022 qishki Olimpiadasidagi ishtiroki yakunlandi

Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari o‘z yakuniga yetib bormoqda. Bugun unda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasining chiqishi nihoyasiga yetdi.

Bu Olimpiadada yurtimiz sharafini tog‘ chang‘ichimiz Komiljon To‘xtayev himoya qildi. Komiljon unda gigant slalom va slalom dasturlarida ishtirok etdi. Aytish mumkinki, gigant slalom hamyurtimiz uchun omadli keldi. 87 sportchi start olgan ushbu dasturda sportchimiz 29-natijaga erishdi, 46 chang‘ichi finishga kela olmadi. Bu uning uchun nafaqat faoliyatidagi, balki Osiyo va MDH vakillari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, bu qishki Olimpiadalarda gigant slalom dasturida hamyurtlarimiz qayd etgan eng yaxshi natija bo‘ldi.

Afsuski, texnik jihatdan juda murakkab hisoblangan slalom dasturi omadsiz yakunlandi. Finishga bir necha metrlar qolganida To‘xtayev darvozalardan o‘tishda xatoga yo‘l qo‘ydi va diskvalifikatsiya qilindi. Shunday bo‘lsa ham, bu Olimpiada orqali Komiljon kelgusi faoliyati uchun ulkan tajriba to‘pladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Olimpiya qo‘mitasi Komiljon To‘xtayevning kelgusi faoliyatida omad va zafarlar tilab qoladi. Uning qo‘lga kiritgan yo‘llanmasi orqali ushbu Olimpiadada ishtirok etgan 91 mamlakat orasida O‘zbekiston nomi tilga olinadi.

Text to speech