16 Fevral 2022 1987

Sportimiz mutasaddilari yosh yengil atletikachilarimiz bilan uchrashishdi

MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda turizm va sport vazirining o'rinbosari Shahrullo Mahmudov Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan terma jamoamiz vakillari bilan uchrashishda davom etadi. Bugun mutasaddilar O'zbekiston yengil atletika federatsiyasida bo'lib, asosiy tarkib vakillarining mashg'ulotlarini kuzatish barobarida terma jamoaga nomzod bir qator yoshlarimiz bilan uchrashishdi. Mazkur yig'ilishda O'zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi o'rinbosari Andrey Abduvaliyev boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, murabbiylar ham ishtirok etishdi.

Suhbatda MOQ hamda turizm va sport vazirligi rahbarlari tayyorgarlik tizimida yangicha metodikaga yondashish kerakligiga alohida ahamiyat qaratdi.

"Hozir barcha federatsiyalar yangicha tizim asosida tayyorgarlik olib borishmoqda. Davrlar oralig'ida normativ topshira olmagan vakillarimiz bilan xayrlashamiz va ularning o'rniga seleksiya orqali boshqa nomzodlarni qidiramiz. So'nggi yillarda davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e'tibor va uning har tomonlama qo'llab-quvvatlab turishini barchamiz ko'rmoqdamiz. Kuni kecha Prezidentimizning Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik bo'yicha e'lon qilgan qarorlarini ko'rgandirsiz. Juda katta motivatsion xarakterga ega raqamlar bor. Bu sportchilarimizga e'tibor qanchalik katta ekanini ko'rsatmoqda. Sizlardan esa astoydil shug'ullanib, Vataningiz, nomingizni mashhur qilishingizni so'rab qolamiz", – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Yig'ilish davomida sportchilarning tajribalarini oshirish, jamoani kerakli inventarlar bilan ta'minlash bo'yicha mutasaddilarga kerakli topshiriqlar berildi. Shuningdek, mutasaddilar terma jamoaga nomzod yangi sportchilar bilan birma bir suhbatlashib, ularning rejalari, maqsadlari haqida fikr almashdi.

Text to speech