15 Fevral 2022 1802

Chavandozlarimiz 2022 yil Yevrosiyo mintaqasining barcha dasturlarida ishtirok etadi

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi rahbari Bahromjon Gaziyev 2022 yilda Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasi shafeligida o‘tadigan musobaqalarda sportchilarimizning ishtiroki yanada ortishini ma’lum qildi.

"Federatsiyamiz Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasi doirasidagi musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarda sportchilarimiz ishtirokini ko‘paytirishga tayyor ekanini bildiradi. Bu butun Yevrosiyo mintaqasidagi chavandozlarning ko‘nikmalari va mahoratini yanada rivojlantirishda qo‘shimcha omil bo‘ladi», – dedi B.Gaziyev.

2021 yil o‘zbekistonlik chavandozlar Yevrosiyo ligasining eng yaxshi sportchilari qatorida bo‘lib, Millatlar Kubogi yakunlari bo‘yicha jamoaviy dastur g‘olibligini qo‘lga kiritishdi. Jahon kubogi va Yevrosiyo Kubogi, shuningdek, mintaqa chempionatida kattalar va yoshlar toifalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Bahromjon Gaziyev assotsiatsiya shtab-kvartirasi hisoblanmish “Maksim Park” ot sporti klubi bazasida o‘zbekistonlik sportchilarning ham muntazam shug‘ullanishi ularga ijobiy ta’sir o‘tkazayotganini ta’kidladi.

2022 yilgi mavsumda o‘zbekistonlik sportchilar Yevrosiyo ligasidagi yosh otlar uchun mintaqa chempionati, faxriylar o‘rtasidagi chempionat, havaskorlar orasida Yevrosiyo kubogi kabi yangi musobaqalarda ishtirok etadi.

Shuningdek, Bahromjon Gaziyev O‘zbekiston terma jamoasi Yevrosiyo chempionatida va assotsiatsiyasining barcha loyihalarida, shuningdek, ot yo‘rttirish va uchkurash kabi Olimpiya dasturlari bo‘yicha o‘tkaziladigan turnirlarda ham muntazam ishtirok etishini ta’kidladi.

Text to speech