15 Fevral 2022 3132

Suzuvchilarimiz bilan xorij yig‘ini oldidan uchrashuv

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunladi. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov bilan ROZKga tashrif buyurib, terma jamoa vakillari bilan suhbatlashdi. Uchrashuvda Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutasaddilari ham ishtirok etishdi.

MOQ rahbari dastavval sportchilarimizning rejalari bilan tanishib chiqib, bu borada o‘zining ko‘rsatmalarini berdi.

“Suzish kompleks musobaqalarda alohida ahamiyatga ega sport turi. Biz Sizlarni ham katta turnirlarda delegatsiyamiz sovrindorlari qatorida ko‘rishni xohlaymiz. Bu yo‘lda qanday sharoit kerak bo‘lsa, davlatimiz boshchiligida Turizm va sport vazirligi hamda Qo‘mitamiz yordam berishga tayyor. Buning uchun Sizlardan o‘z ustingizda ishlab, katta mehnat qilishingiz talab etiladi”, – dedi MOQ rahbari.

Shuningdek, Rustam Shoabdurahmonov sportchilarimiz, murabbiylar shtabi bilan birma bir ularni qiynayotgan masalalar haqida suhbatlashdi. Murabbiylar shtabidan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik siklida zamonaviy metodikalarga ko‘proq ahamiyat qaratishni so‘radi. O‘z navbatida, Shahrullo Mahmudov ham ko‘p yillik tajribasi asosida kerakli tavsiyalarini berib o‘tdi.

Qayd etish joiz, ertaga suzuvchilarimiz Armanistonning Saxkadzor shahriga xorijiy yig‘inda ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi. Shuningdek, hozirda sixron suzuvchilarimiz Belarusdagi xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Minskga yetib borgan bo‘lsalar, suvga sakrash bo‘yicha jamoamiz Rossiyaning Ruza shahrida yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Text to speech