15 Fevral 2022 4235

O‘zbek futbolining professori Rustam Akramov vafot etdi

Bugun erta tongda o‘zbek futboli og‘ir judolikka uchradi. Pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akramov 73 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Rustam Akramovich Akramov 1948 yil 11 avgust kuni Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. U kishi faoliyati davomida o‘zbek va Sobiq Ittifoq futboli rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan mutaxassis hisoblanadi. 1990-1992 yillar orasida Jazoirning USM klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.

Rustam Akramov Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng futbol bo‘yicha Milliy terma jamoamizni boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992-1994 yillar terma jamoamiz u kishi bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

Rustam Akramovich 1995-1997 yillar Hindiston terma jamoasini boshqardi. Ushbu davlatdagi 2 yillik faoliyati davomida asosiy terma jamoa bilan bir qatorda bolalar futbolini rivojlantirish tizimini shakllantirdi. Keyinchalik OFK texnik direktori va FIFА instruktori boʼlib faoliyat olib bordi.

O‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi Rustam Akramovning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga sabr tilab qoladi. O‘tganlarning oxirati obod bo‘lsin.

Text to speech