14 Fevral 2022 3073

Yengil atletikachilarimiz RSTIAM shifokorlarining tekshiruvidan o‘tishdi

Bugun O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi sportchilari tibbiy tekshiruvdan o‘tishdi. Dastavval atletlarimizdan qon tahlillari olindi. Shundan so‘ng sportchilarimiz birma bir Markazning tor doiradagi mutaxassislari ko‘rigida bo‘lishdi.

Ushbu bosqich yakuniga yetgach, atletlarimiz bilan instrumental tekshiruv o‘tkazildi. Unda ichki organlar, yurak-qon tomir tizimlarining faoliyati ko‘zdan kechirildi. Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha olingan tahlillar javobi e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

Markaz bo‘lim boshlig‘i, tajribali travmatolog Sunnatilla Yo‘lchiyev, shuningdek, boshqa tor doiradagi mutaxassislar yengil atletikachilarimizning qanday ko‘rikdan o‘tishi, faoliyatlari haqida qisqacha ma’lumot berishdi:

“Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari sikliga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarimiz orasida yengil atletika bo‘yicha terma jamoamiz vakillari 25 nafarni tashkil etadi. Ulardan 13 nafari bugungi tekshiruvda ishtirok etishdi. Qolgan 12 nafari ayni kunlarda Toshkent viloyatining Yangiobod o‘quv-mashg‘ulot bazasida bo‘lib turgani uchun keyinroq ko‘rikdan o‘tishi belgilangan.

“Sportchilarni ko‘rikdan o‘tkazayotganda shikoyatlarini eshitamiz, tahlil natijalari bilan ularni birlashtiramiz. Umumiy ahvollari ko‘rilgach, barcha yo‘nalishlarni inobatga olgan holda kerakli tavsiyalarni beramiz”, – deydi markaz shifokorlaridan biri.

“Biz atletlarimizdagi nevrologik statuslarni tekshiramiz. Bu ulardagi bosh va orqa miya funksiyalarining faoliyati haqida ma’lumot olish degani. Miyaning barcha tuzilmalaridagi holatini ushbu ko‘rik orqali baholaymiz. Normadan cheklanish ko‘rsak yoki sportchining o‘zidan shikoyat eshitsak, yanada chuqurlashtirilgan kerakli tekshiruvga yo‘naltiramiz”, – deya markaz nevropatologi o‘z faoliyati haqida gapirib o‘tdi.

Text to speech