Ular Tokioga borishadi: Bo‘zsuvdan Tokio kanallari sari suzayotgan Nilufar Zokirova
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan litsenziatlarimiz haqidagi maqolalarni davom ettiradi. Bugun Sizlar bilan kanoeda eshkak eshish bo‘yicha terma jamoamiz aʼzosi Nilufar Zokirovaga oid maʼlumotlarni baham ko‘ramiz.
Nilufar Obidjon qizi Zokirova 1997-yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Chirchiq Olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi. Dastavval Bo‘zsuv kanalida Aleksandr Jujgovdan eshkak eshish sirlarini o‘rgandi. Terma jamoa tarkibiga kirgach esa Rustam Mirzadiyarov qo‘l ostida shug‘ullanib kelmoqda.
2014-yil O‘zbekiston Milliy terma jamoasiga qabul qilingan. Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkalik va juftlik bahslarida terma jamoamiz sharafini himoya qiladi. Nilufar ushbu sportda 200 va 500 metr masofalarga ixtisoslashgan. Juftlikda Dilnoza Rahmatova bilan U18 va U23 yoshlar toifasida bir necha bor jahon chempioni va sovrindori bo‘lgan.
2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida Dilnoza Rahmatova bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. 2019 va 2021-yillarda o‘tkazilgan Jahon kubogining juftlik bahslarida ham sovrindor bo‘lishdi.
2019-yil Vengriyaning Seged shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida 200 metr masofada bronza medaliga ega chiqdi. Ayni shu jahon chempionatida 500 metr masofaga kechgan juftlik bahsida esa marraga beshinchi bo‘lib yetib keldi va Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma oldi.