MOQ rahbari kamondan otish federatsiya mas’ullariga e’tirozini bildirdi
Shu kunlarda kamondan otish bo‘yicha terma jamoamiz vakillari Samarqandda navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. Bugun MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov terma jamoamiz bilan onlayn bog‘lanib, ular bilan suhbatlashdi.
Qayd etish joiz, jamoamiz ushbu yil hisobidan endi shifokor ko‘rigida yig‘in boshladi. Suhbat davomida murabbiylar qaratilayotgan bunday e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
“Har kuni dastur asosida reja bilan mashg‘ulot olib boryapmiz. Hozir sportchilarimiz kuniga 400-450 tadan o‘q otishadi. Texnik tayyorgarlik bilan birga umumiy jismoniy holatga ham e’tibor qaratganmiz”, – dedi jamoa murabbiyi Vladimer Lekveishvili.
Suhbat davomida MOQ rahbari sportchilarimizga beriladigan tibbiy ta’minotni kuchaytirish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, u sportchilarimiz bilan suhbatlashar ekan, ba’zilari tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalaridan rasmiy ravishda yig‘inga ruxsat olinmagani uchun muammolar paydo bo‘layotganini aytishdi. Bunga javoban MOQ rahbari o‘z vazifalarini bajarmasdan, atletlarni yig‘inga jalb qilgani uchun mas’ullarga jiddiy e’tiroz bildirdi.
“Hukumatimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, federatsiya mutasaddilari bilan kerakli sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Sportchi va murabbiylarimiz yig‘inda xotirjam mashg‘ulot olib borishlari lozim. Ana shunda natijaga erisha olamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Ta’kidlash joiz, ushbu yig‘in 13-19 mart kunlari Tailandning Pxuket shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.