Pop tumanida Paralimpiya sport turlari boʼyicha musobaqa oʼtkazildi
Namangan viloyati Pop tumani 1-sonli bolalar-oʼsmirlar sport maktabida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi «Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida «Sport hamma uchun» shiori ostida imkoniyati cheklangan yoshlar oʼrtasida musobaqa tashkil etildi.
Unda viloyatning Pop, Toʼraqoʼrgʼon va Kosonsoy tumanlari hamda Namangan shahri yoshlari paralimpiya sport turlaridan para dzyudo, para stol tennisi, para shaxmat-shashka, para yengil atletika boʼyicha oʼzaro bahs olib borishdi.
Musobaqa soʼngida sportchilar nomma-nom eʼtirof etilib, ularning murabbiylari va ota-onalariga tashakkur bildirildi. Gʼolib va sovrindorlar, qolaversa musobaqaning faol ishtirokchilariga hamkor tashkilotlar boʼlmish tuman nogironlar jamiyati, Ichki ishlar boʼlimi, Milliy gvardiya, «Paxtakor» mahalla fuqarolar yigʼini tomonidan esdalik sovgʼalar topshirildi.
Shuningdek, paralimpiya sport turlari boʼyicha sport maktabi maʼmuriyati tomonidan ulkan marralarni koʼzlab ushbu yoshlarni sportga qamrab olish ishlari boshlab yuborildi.