11 Fevral 2022 1846

Yengil atletikachilarimiz ko‘rsatkichlari davrlar oralig‘ida tekshirib boriladi

Kuni kecha O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi boshqaruvida bo‘lgan o‘zgarish ushbu sport turida yangi marralarni zabt etish uchun tashlangan qadam bo‘ldi. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov federatsiya bazasiga tashrif buyurib, sportchilarimizning mashg‘ulotini kuzatdi.

Ayni paytda asosiy tarkib sportchilari yengil atletika bazasida yangi mavsum uchun tayyorgarlik bosqichini olib bormoqda. Tashrif davomida MOQ rahbari ham sportchi, ham murabbiylar bilan alohida suhbatlashdi. Unda federatsiya raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev va bosh murabbiy Go‘zal Hubbiyeva ham ishtirok etdi.

“Bizni ortimizdan Prezidentimiz va hukumatimiz qo‘llab-quvvatlab turibdi. Olimpiya va Paralimpiyachilarimiz qanday motivatsiya qilinayotganini ko‘rib turibsiz. Jahonda raqobat shiddatli ruhda o‘syapti. Shu bois zamonaviy metodika asosida mashg‘ulotlar olib borish kerak. Atletlarimizning salomatligini muntazam nazorat qilish, undagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirish shifokorlar uchun alohida vazifa”, – dedi MOQ rahbari.

Suhbat davomida Rustam Shoabdurahmonov sportchilarning yo‘nalishga qarab ma’lum davrda nazorat testlarini o‘tkazish, sportchilarni musobaqalarga tayyorlashda yangicha metodika bilan yondashish, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan muntazam aloqada bo‘lib, atletlarning salomatligini kuzatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech