Jizzaxdagi “Andijon” mahallasi yoshlari uchun vatanparvarlik festivali tashkil etildi
Jizzax viloyati Zarbdor tumanining eng chekka hududidagi “Andijon” mahallasida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida keng qamrovli vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Mahallada yoshlar yetakchisining faoliyatini samarali tashkil etish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan festivalda tuman hokimligi va sektor rahbarlari, Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqining viloyat va tuman bo‘limlari, mahalla raislari, umumta’lim maktabi rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Unda so‘z olgan mutasaddi takshilot rahbarlari va harbiy xizmatchilar yoshlarni har tomonlama yetuk va komil inson qilib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini takidlab, mahalladagi yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning mohiyati va undan ko‘zlangan maqsadlari, kelgusidagi natijalari haqida so‘z yuritishdi.
Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuyg‘ulari ostida boshlangan festival davomida mahalladagi yoshlar o‘rtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan o‘q otish, intellekt o‘yin qiziquvchilari uchun «Zakovat» aql bellashuvi, «Yosh kitobxon» musobaqalari o‘tkazildi.
Festival yakunida musobaqa va ko‘rik tanlovlarda g‘olib deb topilgan mahalla yoshlariga faxriy yorliq, badiiy adabiyotlar va sport anjomlari esdalik sifatida topshirildi.