9 Fevral 2022 2441

Rustam Shoabdurahmonov taekvondochilarimizning tayyorgarlik rejalari bilan tanishdi

MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonovning terma jamoalarimiz bazalariga amalga oshirayotgan tashrifi davom etadi. Bu gal Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasida bo‘ldi.

Xabaringiz bor, BAAning Fujayra shahrida bo‘lib o‘tgan G2 toifasidagi xalqaro musobaqada terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib qaytdi. Dastlab taekvondochilarimizning mashg‘ulotini kuzatgan MOQ rahbari qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan ularni qutlab, kelgusi musobaqalarda ham omad tilab qoldi. Shundan so‘ng assotsiatsiya mutasaddilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Assotsiatsiyada uzoq yillik tajribaga ega kuchli jamoa shakllangan. Rais Sherzod Tashmatovning rejalari bilan Olimpiya o‘yinlarida oltin medal olishga erishdik. Biroq bu bilan to‘xtab qolmasligimiz kerak. Butun dunyo sportida katta raqobat ketayotganiga guvohmiz. Har bir sportchining salomatligi biz uchun ahamiyatli. Qo‘mitamiz qoshidagi RSTIAM mutasaddilari bilan barcha sportchilarimizning salomatligini jiddiy nazoratga olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdik. O‘ylaymizki, bunday harakatlar tez orada o‘z samarasini beradi. Davlatimiz qo‘llab-quvvatlar ekan, tizimli reja va temir intizom bilan har qanday marraga erisha olamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Suhbat davomida har bir vazn toifasidagi taekvondochilarimizning joriy yil Xanchjouda bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari batafsil ko‘rib chiqildi. Bu borada MOQ rahbari asosiy tarkib bilan birga kuchli zaxira sportchilarini tayyorlash, olib borilayotgan tibbiy-biologik ta’minotni yanada kuchaytirish bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.

Text to speech