8 Fevral 2022 3030

Har bir sportchimizning salomatligi nazoratda bo‘ladi

Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy markazi rahbariyati bilan qator masalalar bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. Unda Abdushukur Sadikov boshchiligidagi Markaz shifokorlari va MOQ mutasaddilari qatnashishdi.

Yig‘ilishda birinchi masala Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmalari sari saralab olingan 409 nafar sportchining salomatligini nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Buning uchun Markaz shifokorlari federatsiyalar kesimida taqsimlanishiga kelishib olindi. Bu orqali har bir atletimizning salomatligi muntazam ravishda nazoratda bo‘lishi ko‘zlangan.

Shuningdek, suhbat davomida Markaz shifokorlarining malakasini yanada oshirish mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun qator xorijlik tajribali mutaxassislarni jalb etish orqali shifokorlarimiz uchun turli mahorat saboqlari tashkil etish taklifi ilgari surildi.

O‘z navbatida, MOQ rahbari sportchilarimizning kelajakdagi g‘alabalarida shifokorlarimizning o‘rni katta ekanini alohida ta’kidladi va terma jamoalarimizning tibbiy-biologik ta’minotini yaxshilash, ularni tizimli ravishda tor doiradagi shifokorlar nazoratidan o‘tkazib borish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Text to speech