8 Fevral 2022 3355

“O‘zbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasiga rais etib saylandi

Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Mahsitov, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, ushbu sport turi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Konferensiya kun tartibidan federatsiyaga yangi rahbar va uning o‘rinbosarlarini saylash, Prezidium va Ijroiya qo‘mitasi tarkibini qayta shakllantirish kabi masalalar o‘rin oldi.

Dastavval O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi Andrey Abduhakimovning lavozimidan ozod etish haqidagi arizasi delegatlar tomonidan qanoatlantirildi. Shundan so‘ng, federatsiya rahbarligiga “O‘zbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullayev nomzodi ilgari surildi. Ishtirokchilar ushbu nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va M.Abdullayev O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining raisi etib saylandi.

Shuningdek, “O‘zbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi maslahatchisi, boshqaruv apparati rahbari Kamoliddin Usmonov federatsiya raisining umumiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktori Akbar Fozilov moliyaviy ishlar bo‘yicha rais o‘rinbosari, Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni Andrey Abduvaliyev esa sport masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari etib saylanishdi.

Qayd etish joiz, yengil atletika yirik kompleks musobaqalarda eng ko‘p medallar taqdim qiladigan sport turi hisoblanadi. Tadbir davomida so‘z olgan R.Shoabdurahmonov, Sh.Mahmudov, B.Mahsitov buni alohida ta’kidlab, Mehriddin Razzoqovichning haqiqiy sport jonkuyari ekanligi, shu paytga qadar mamlakatimizda bir qator futbol klublari va O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasini qo‘llab-quvvatlab kelgani, ommaviy sport tadbirlari va turli marafonlar o‘tkazishda ko‘rsatgan jonbozligini alohida ta’kidlab o‘tishdi va unga yangi lavozimda omad va zafarlar yor bo‘lishini tilashdi.

O‘z navbatida, federatsiya raisi sifatida yangi saylangan M.Abdullayev bildirilgan yuksak ishonch uchun konferensiya ishtirokchilariga minnatdorchilik izhor etib, ushbu sport turini yanada rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, federatsiya inftaruzilmasini yaxshilash, terma jamoalarni yirik kompleks musobaqalarga munosib tayyorlash borasida bor kuch va imkoniyatini ishga solishga va xalqaro maydonda qo‘lga kiritiladigan yutuqlar orqali Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga va’da berdi.

Shuning bilan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konfederatsiyasi o‘z ishini yakunladi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ham federatsiyaning yangi rahbariyatiga muvaffaqiyat va zafarlar tilaydi.

Text to speech