Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida gandbol, voleybol, baksetbol, chim ustida xokkey, regbi, trampolin va tennis sport turlari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
ZOOM platformasida Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish va Parij-2024 Olimpiadasiga litsenziyalarni qo‘lga kiritish masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Oliy sport mahorati maktabi rahbariyati, ayrim federatsiyalar vakillari qatnashdi. Onlayn konferensiyaga asosan, Parij-2024 Olimpiadasiga litsenziya olishi so‘roq ostida turgan federatsiyalar taklif etildi. Yig‘ilishni Shahrullo Mahmudov olib bordi va ishtirokchilardan terma jamoalar bilan ishlashni yanada kuchaytirishni so‘radi. Qolaversa, sportchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshilash kun tartibining asosiy masalalaridan biriga aylandi.
Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik muhokamasi ikkiga bo‘lindi. Dastlab noolimpiya, so‘ng Olimpiya turlari kesimida batafsil muloqot qilindi. Mutasaddilar hukumatimiz terma jamoalarimizning tayyorgarligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, federatsiyalar bunga yuqori natijalar bilan javob berishlarini alohida aytib o‘tishdi. Jumladan, Shahrullo Mahmudovning ma’lum qilishicha, Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida noolimpiya sport turlarini moliyalashtirish to‘lik Turizm va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
“Jamoaviy sport turlarida yigitlarimizning nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatishimiz kerak. Buning uchun Osiyo o‘yinlari juda qulay imkoniyat. Urg‘uni shu musobaqaga beramiz. Avvallari musobaqaga borganimizda ta’bir joiz bo‘lsa, sportchilarimizga to‘p tegmagan o‘yinlar ham bo‘lgan. Hozir ko‘plab terma jamoalarimiz o‘sib, jahon darajasiga chiqdi”, – dedi Sh.Mahmudov.
Yig‘ilishda gandbolchilarimizning rejasi birinchilardan ko‘rib chiqildi. To‘g‘ri, gandbol o‘yin sport turlari orasida ma’lum natijalarga ega. Ayollar terma jamoamiz jahon chempionatida ham ishtirok etdi. Ammo federatsiya bosh kotibi suhbat davomida hozircha Parij Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish masalasi ochiq turgani, bor imkoniyat Los-Anjeles-2028 Olimpiadasiga qaratilishini ta’kidlab o‘tdi.
Tennis misolida federatsiya bosh kotibi Iroda To‘laganova Osiyo o‘yinlarida ikkita medal uchun (yakkalik va juftlik bahslarida) kurash olib borilishini ta’kidladi. Biroq Parijga yo‘llanma qo‘lga kiritish masalasi mavhumligicha qolmoqda. 2028 yilgi Los-Anjeles Olimpiadasiga esa litsenziya olishni va’da qildi.
Chim ustida xokkey bo‘yicha Osiyo o‘yinlari oldidan kvalifikatsion musobaqa o‘tkaziladi. May oyida bo‘lib o‘tadigan mazkur turnirda terma jamoamiz qatnashadi va ularning hali Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi so‘roq ostida turibdi. Shu bois mazkur federatsiyadan ham bor umid Los-Anjeles Olimpiadasiga qaratilgan.
Voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev terma jamoa Parijga litsenziya olishi juda murakkab ekanini aytib o‘tdi. Boisi terma jamoa uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng endi reyting musobaqalarida ishtirok etmoqda. Litsenzion xarakterdagi turnirlar uchun esa yuqori reyting pog‘onasi talab etiladi. Ammo federatsiya bosh kotibi terma jamoamizning Osiyo o‘yinlarida kuchli sakkiztalikka kirishiga va’da berdi.
Undan tashqari, basketbol ham so‘roq ostida turgani ma’lum qilindi. Shuning uchun, bu terma jamoalarga bor kuch va e’tiborni Osiyo o‘yinlariga qaratish kerakligi ta’kidlandi. Konferensiyada regbi, basketbolning 3x3 dasturi, trampolin kabi kabi turlarda federatsiya mutasaddilari ham real ko‘z bilan qaraganda Parij-2024 yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlashdi.
Osiyo o‘yinlarida, shubhasiz, futbol terma jamoasiga chempionlik vazifasini qo‘yilgan. Biroq boshqa jamoaviy sport turlari: chim ustida xokkey, voleybol, gandbol, basketbol kabi turlarda guruhdan chiqish ham yaxshi natija bo‘lishini, Yangi O‘zbekiston sportchilari yangi yo‘nalishlarda, ayniqsa, jamoaviy o‘yin dasturlarida ham medallar taqdim etishi, o‘zini har tomonlama ko‘rsatishi kerakligini Shahrullo Mahmudov ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish davomida Rustam Shoabdurahmonov Milliy Olimpiya qo‘mitasi ham tayyorgarlik doirasida barcha yordamni ko‘rsatishga tayyor ekani, bu yo‘lda hamkasblardan temir intizom va puxta tizim asosida ishlash zarurligini so‘radi.
Rejalar o‘z yo‘liga, ammo yurtboshimiz navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida nafaqat yakkakurash turlari, balki jamoaviy turlarda ham litsenziyalar qo‘lga kiritish vazifasini qo‘yganlar. Shunday ekan, futbol, gandbol, voleybol, basketbol, chim ustida xokkey, regbi federatsiyalari bu haqida jiddiy bosh qotirishi kerak. Mutasaddilar suhbat davomida hozirdanoq aniq va muayyan rejalar ishlab chiqilishi, tayyorgarlik strategiyasini tubdan o‘zgartirish kerakligi, yaqin yillar ichida o‘yin sport turlarida ham O‘zbekistonga litsenziyalar taqdim qilinishi lozimligini ta’kidlashdi.