6 Fevral 2022 2777

O'zbekiston terma jamoasi Parij "Katta Dubulg'a" turnirini 3 bronza medali bilan yakunladi

Biroz avval -81 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Sharofiddin Boltaboev Parij "Katta Dubulg'a" turniri sovrindoriga aylandi. Qoraqalpoq o'g'loni bronza medali uchun kechgan bellashuvda kanadalik Fransis Gautierga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini qo'shimcha bo'limda mag'lubiyatga uchratdi.   

Takidlash joizki, Sharofiddin Boltaboev bronza medal bilan birga 500 reyting ochkosiga ham ega bo'ldi. 

Yana bitta dzyudochimiz -90 kg vazn toifasidagi Davlat Bobonov kurashsiz musobaqaning bronza medalini qo'lga kiritdi. Tokio Olimpiadasi bronza medali sovrindorining raqibi gruziyalik Beka Griniashvili yarim finalda taqiqlangan harakat uchun xansoke, ya'ni jazo olgani uchun tatamiga chiqmadi. Natijada avtomatik ravishda g'alaba Bobonovga taqdim etildi. 

-100 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Muzaffarbek To'raboev bronza medali uchun kechgan bellashuvda niderlandiyalik tajribali raqib Mixael Korrelni ippon bahosi evaziga mag'lubiyatga uchratdi. 

Shunday qilib, Parij "Katta Dubulg'a" turniri terma jamoamiz uchun 3 bronza medali bilan yakunlandi. 

Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi sportchilarimizni va ularning yaqinlarini, Oʼzbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilarini ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab qoladi.

Text to speech