5 Fevral 2022 1477

Zamonaviy beshkurashchilarimiz yirik musobaqalarga alohida reja asosida tayyorlanishmoqda

O‘zbekiston MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan federatsiyalarimizning rejasi bilan tanishishda davom etadi. Uning navbatdagi manzili O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi bo‘ldi.

Uchrashuvda Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, sportchi va murabbiylar, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Abdushukur Sadikov ishtirok etishdi. Dastavval MOQ raisi yosh sportchilarimiz bilan tanishib, ularning maqsadlari haqida suhbatlashdi.

“Biz bir jamoamiz. Turizm va sport vazirligi, Qo‘mitamiz, Oliy sport mahorati maktabi Sizlarning yordamchingizmiz. Oldingizga katta maqsad qo‘ying va uni amalga oshirish orqali davlatimiz va o‘zingizni dunyoga taniting. Prezidentimiz Siz yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqdalar. Har kuni o‘z oldingizga qo‘ygan maqsad sari kichik qadamlar tashlab boring”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Federatsiya mutasaddilari ikki yirik musobaqalarga tayyorlanishda Aleksandr Savkin hamda Alise Faxrutdinova juftligi, shuningdek, yoshlarimiz uchun alohida reja ishlab chiqilgani haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, MOQ raisi tomonidan viloyatlarda iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini uzliksiz olib borish, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish uchun ularga turli madaniy tadbirlar tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Suhbatda murabbiylar bilan yosh sportchilar uchun ishlab chiqilgan rejalar, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, tibbiy-biologik ta’minoti masalasi yuzasidan ham ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Text to speech