Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri O‘zbekiston voleybol federatsiyasiga rais etib saylandi
Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, federatsiyaning hududiy bo‘limlaridan delegatlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Konferensiyani federatsiya bosh kotibi Husan Nasrullayev olib bordi. Kun tartibidan asosan bitta masala, O‘zbekiston voleybol federatsiyasiga yangi rais saylash o‘rin olgan bo‘lib, ushbu lavozimga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Hamidovich Toshqulov nomzodi tavsiya qilindi.
Bu bejiz emas, negaki hozirda voleybol bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining jamoalari ishtirok etishmoqda. Qolaversa, «O‘ztelekom», AGMK kabi yetakchi jamoalar tarkibida faoliyat olib borayotgan voleybolchilarning ham ko‘pchiligini talabalar tashkil qilishadi.
Muhim jihatlardan yana biri, yurtimizda ayni vaqtda 159 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lsa, ularning aksari voleybol sport turini rivojlantirish uchun yetarli infratuzilmaga ega. Va eng muhim faktor, Abduqodir Toshqulov voleybolning ashaddiy muxlisi sanaladi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan A.Toshqulov nomzodini federatsiya raisligiga ma’qullashdi va saylashdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan R.Shoabdurahmonov, Sh.Mahmudov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi B.Maxsitov va boshqalar joriy yilda mamlakatimiz voleybolchilarini bir qator nufuzli musobaqalar kutib turganligini ta’kidlab, ushbu musobaqalarga hozirdan jiddiy tayyorgarlik boshlash kerakligi, buning uchun federatsiyaga barcha sharoitlar yaratib berilayotganligini aytib o‘tishdi hamda bu yo‘lda federatsiyaning yangi raisiga omad tilashdi.
O‘z navbatida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi Abduqodir Toshqulov bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda voleybolni eng sevimli sport turlaridan biriga aylantirish uchun astoydil harakat qilishini bildirdi.
Shuning bilan O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.