4 Fevral 2022 3180

Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlariga rasman start berildi

Pekindagi "Qush uyasi" nomli Milliy stadionda XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hozirgina tadbir yakunlanib, musobaqa mashʼalasi yoqildi va O‘yinlarga rasman start berildi.

Bu yilgi O‘yinlarda dunyoning 91 mamlakatidan 2871 atlet ishtirok etmoqda. Marosim doirasida o‘tgan tantanali marshda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ini XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchimiz Komiljon To‘xtayev ko‘tarib chiqdi.

Marosim davomida XOQ prezidenti Tomas Bax so‘z olib, butun dunyodan tashrif buyurgan musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.

Shundan so‘ng marosimning badiiy qismi va Olimpiya mashʼalasini yoqish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Undan so‘ng stadion uzra tashkil qilingan mushakbozlik tadbirning mantiqiy yakuni bo‘ldi. Eʼtiborlisi, bu bilan Pekin ham qishki, ham yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan dunyodagi dastlabki shaharga aylandi.

Shu tariqa, uzoq kutilgan tadbir yuqori notada o‘z yakuniga yetdi. Ertadan atletlar medallar uchun kurashni boshlashadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu O‘yinlarda ishtirok etadigan hamyurtimiz Komiljon To‘xtayevga omad va zafarlar tilab qoladi!

Text to speech