4 Fevral 2022 1810

Ravshan Irmatov Yansindagi Olimpiya shaharchasida delegatsiyamiz ofisiga tashrif buyurdi

MOQ raisining birinchi o'rinbosari Ravshan Irmatov Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlarida ishtirok etadigan O'zbekiston delegatsiyasi istiqomat qilayotgan Yansin shahriga kelib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. Tashrif davomida Ravshan Sayfuddinovich sportchimiz Komiljon To'xtayev bilan tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi.

"Sizga barcha hamyurtlarimiz ko'z tikkan va katta natija kutishmoqda. Qo'shimcha yana qandaydir sharoitlar kerak bo'lsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz. Bunday imkoniyat har doim ham bo'lavermaydi. O'zingizning bor kuchingizni ishga solib, millionlab vatandoshlarimizga quvonch ulashishingizni tilab qolamiz. Qolaversa, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi qo'mitamizning ahil jamoasi ham sizga iliq tilaklarini yo'llashdi", – dedi Ravshan Irmatov.

Suhbat davomida MOQ raisining birinchi o'rinbosari delegatsiyamiz ofisidagi sharoitlar, ajratilgan xonalar bilan yaqindan tanishib, o'z tavsiyalarini berib o'tdi.

Yana bir ozdan so'ng, Ravshan Irmatov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Markaziy arenaga yo'l oladi.

Text to speech