Andijonlik ot sporti muxlislari uchun katta bayram
Viloyatda yilqichilik va ot sporti shinavandalari uchun ikki ajoyib baza bunyod etildi. Ulardan biri Andijon shahrida foydalanishga topshirilgan "King Horse" klubi bo'lsa, ikkinchisi "chavandozlar maktabi" bazasi.
"King Horse" klubi xususiy maqomga ega bo'lib, ko'plab zamonaviy sharoitlarga ega. "Chavandozlar maktabi" esa O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoshida tashkil etildi. Ushbu maskan ham bir vaqtning o'zida ko'plab nasldor otlarni parvarishlash va ularni musobaqalarga tayyorlash yo'lida xizmat qiladi.
O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziev va federatsiya bosh kotibi Nodirbek Ibragimov Andijon viloyatiga safar uyushtirib, mazkur ob'yektlardagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Qolaversa, musobaqaga tayyorgarlik darajasini ko'zdan kechirish jarayonida o'zlarining kerakli tavsiyalarini berib o'tishdi.
Mutasaddilar O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Andijon viloyati boshqarma boshlig'i, polkovnik A.Ortiqov bilan birgalikda "Chavandozlar maktabi"ni ham ko'zdan kechirib, uning faoliyatini yanada rivojlantirish bo'yicha kerakli tavsiyalar berishdi.