O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Shahrullo Mahmudovni yangi lavozimga tayinlangani bilan qutlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Shahrullo Sharipovich Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kuchli og‘ir atletika maktabining shakllanishi, atletlarimizning Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlaridagi g‘alabalariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Shahrullo Sharipovichning ko‘plab jahon va Olimpiya rekordchilarini tarbiyalashda ulkan hissasi bor. Kelajakda O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, professional sportchilarni kamolga yetkazish, nufuzli sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash, mamlakatimiz Olimpiyachilarining qit’a va Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalari orqali O‘zbekistonning sportdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishdagi keng qamrovli murakkab va sharafli vazifasida u kishiga hamisha omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Ma’lumot uchun, Shahrullo Sharipovich Mahmudov 1970 yil 13 sentyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1992 yilda Buxoro davlat pedagogika institutini “Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi” yo‘nalishida tamomlagan. 2013 yildan buyon O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Sh.Mahmudov erishgan yutuqlari uchun 2002 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2016 yil “Mehnat shuhrati”, 2021 yil I darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Shahrullo Mahmudovni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan yana bir bor muborakbod etib, uning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.