3 Fevral 2022 3031

Sportchilarimizni musobaqalarga tayyorlashda yangicha yondashuv muhokama qilindi

Sportchilarning yirik musobaqalarda qo‘lga kiritadigan muvaffaqiyatida ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning alohida o‘rni bor. Shu bois mazkur yo‘nalishga bo‘lgan e’tibor hamisha dolzarbligini yo‘qotmaydi. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov rahbarligida Qo‘mita qoshida tashkil etilgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi vakillari bilan sport genetikasi va fiziologiyasi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ mutasaddilari va Abdushukur Sadikov boshchiligidagi Markaz shifokorlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv mavzusi “Molekulyar-genetik tadqiqotlar va ularni sportdagi roli”ga bag‘ishlandi. Unda sportchilarni Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorlashning chuqur ilmiy asoslangan tizimini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish uchun Markaz shifokorlari, sportchi va murabbiylarni keng jalb etish borasida fikrlar almashildi. Xususan, Markaz ilmiy-tadqiqot va klinik laboratoriyasi va funksional diagnostika bo‘limlari mutaxassislari tomonidan sportchilarda molekulyar genetik va funksional tadqiqotlarni izchil yo‘lga qo‘yish, uning xulosalari va chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruv natijalari asosida sportchilarni musobaqalarga tayyorlashda yangicha yondashish kerakligi ta’kidlandi.

Suhbat davomida MOQ rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab buning uchun markazdagi innovatsion texnikalardan maksimal darajala foydalanish, ularning imkoniyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatma berdi.

Text to speech