3 Fevral 2022 2506

MOQ raisi o‘q otish sporti bazasiga tashrif buyurdi

Hozirda o‘q otish sporti bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari ham yangi mavsumga qizg‘in tayyorgarlik olib bormoqda. Bugun MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov federatsiya bazasiga tashrif buyurib, u yerdagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi.

Rustam Shoabdurahmonov dastavval sportchilar bilan uchrashib, ular bilan yaratilgan sharoitlar haqida suhbatlashdi. Shundan so‘ng Oliy sport mahorati maktabi, federatsiya mutasaddilari, trenerlar bilan rejalar muhokama qilindi.

“Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga ham oz vaqt qoldi. Biz bir jamoamiz. Musobaqaga munosib tayyorgarlik yo‘lida nima sharoit kerak bo‘lsa, qaysidir musobaqada ishtirok etish rejalashtirilgan bo‘lsa, biz yordam beramiz. Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan oldimizga qo‘yilgan barcha marraga yeta olamiz. Ko‘plab federatsiyalarga borganimizda, murabbiylarning ish rejasi yo‘qligi, o‘z oldilariga qanday maqsad qo‘ygani va unga qay tarzda ketayotganlarini ko‘rsatib turadigan biror rasmiy hujjat yo‘q edi. Bu yerda esa bari aks etgan. Jamoangizning bunday e’tibor bilan ishlayotganlaridan mamnunmiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor federatsiya moddiy-texnik bazasini yaxshilashga qaratildi. Suhbat davomida Oliy sport mahorati maktabi mutasaddilaridan murabbiylarga kerakli sharoitlarni yaratib berish, ish joylarini tashkil qilish, xonalarni kerakli materiallar bilan jihozlash so‘raldi.

Text to speech