2 Fevral 2022 1548

MOQ raisi velosportchilarimizning yangi rejalari bilan yaqindan tanishdi

2022-yil velosportchilarimiz uchun katta ijobiy oʻzgarishlar bilan boshlandi. Joriy yildan eʼtiboran ushbu sport turida 3 ta professional jamoamiz xalqaro maydonda ishtirok etadi. Shuningdek, ularni oldinda Osiyo chempionati va oʻyinlari, jahon chempionati kabi yirik turnirlar kutib turibdi. Bugun Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari velosportchilarimizning yaqin rejalari bilan tanishishdi.

ZOOM platformasida oʻtgan uchrashuvda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim Oʻrinboyxoʻjayev ishtirok etdi.

Kozim Oʻrinboyxoʻjayev hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan klublarning tez fursatda ijobiy natija berganini alohida taʼkidlab, ushbu tizimni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. Qayd etish joiz, kuni kecha BAAning Sharja shahrida yakunlangan turnirda “Tashkent city professional cycling team” jamoasi vakili Aleksey Fomovskiy yoshlar toifasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan edi. Oʻz navbatida, MOQ rahbari ushbu loyiha haqida ijobiy fikrlarini bildirdi.

Maʼlumki, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida mazkur sportda 2 nafar vakilimiz litsenziya qoʻlga kiritgan. Maqsad professional klublar faoliyatini takomillashtirish orqali Parij-2024 Olimpiadasiga ham shosse, ham trek yoʻnalishlarida yanada koʻproq yoʻllanmalarga ega boʻlish. Bu yoʻlda Rustam Shoabdurahmonov temir intizom bilan tizimli ishlash zarurligini taʼkidladi.

Text to speech