2 Fevral 2022 5257

7SABER brendining ekipirovkalari xorijiy hamkasblarimizda iliq taassurot qoldirmoqda

Tokio-2020 yozgi Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston delegatsiyasini ajoyib sport kiyimlari bilan ta'minlagan 7SABER kompaniyasi bilan hamkorlik davom etadi. Brend Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlari uchun O'zbekiston delegatsiyasiga tayyorlagan kiyimlarini taqdim qildi.

"O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga bizga ishongani uchun minnatdorchiligimizni bildirmoqchimiz. Kiyimlar sifatli va zamonaviy ko'rinish olishi uchun kompaniyamiz bor imkoniyatlarini ishga soldi. Tokio-2020 Olimpiadasi uchun tayyorlagan namunalarimiz ko'plab muxlislarimizda iliq taassurot qoldirgan edi. Umid qilamizki, bu gal ham biz ularning ishonchini qozona oldik. Yozgi Olimpiya o'yinlari vaqtida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ekipirovka uchun davlat byudjetidan kompaniyamizga qancha pul ajratilgani haqidagi mavzu juda ko'p muhokama qilingan edi. Rasman ma'lum qilishim mumkinki, 7SABER buning uchun hech qanday pul olmagan. Gap shundaki, O'zbekistonda ham xuddi dunyoning ko'plab davlatlarida bo'lgani kabi MOQning rasmiy hamkorlari delegatsiyaga bepul xizmat ko'rsatadi. Bilasizmi, Olimpiya o'yinlari haqida gap ketganda pul yoki moddiy manfaatdorlik katta ahamiyat kasb etmaydi. 7SABER ikkinchi bor mamlakatimiz Olimpiya delegatsiyasiga homiylik qilayotgani biz uchun katta sharaf. Ishonamanki, ushbu hamkorligimiz uzoq davom etadi", – dedi brend asoschisi va bosh direktori Oraz Abdurazakov.

Ushbu Olimpiya o'yinlarida Komiljon To'xtaev tog' chang'isining slalom va gigant slalom dasturlarida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ta'kidlash joiz, Pekin-2022 qishki Olimpiadasiga yetib borgan delegatsiyamizning kiyimi ko'plab xorijiy hamkasblarimizda iliq taassurot qoldirmoqda.

Fursatdan foydalanib, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi ham o'zaro hamkorlik uchun 7SABER brendiga o'z minnatdorchiligini bildiradi.

Text to speech