Fargʻonada ommaviy sport musobaqalari avjida
Fargʻona viloyatida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, ular orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Fargʻona tumanidagi “Qorayantoq”, “Birdamlik”, “Mozortagi”, “Oʻrtaqishloq”, “Mashʼal”, “Gulpiyon”, “Oqtepa”, “Logʻon”, “Vazziyo”, “Xurshidobon”, “Navroʻz”, “Yuqori Vodil” MFYlarda istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar sportning mini-futbol turi boʻyicha oʻzaro bellashdilar. Musobaqa yakunida “Oqtepa” va “Qorasuv” MFY jamoalari tuman birinchiligida qatnashish huquqini qoʻlga kiritishdi.
Viloyatining Dangʻara tumanida deyarli har kuni sportning u yoki bu turi boʻyicha musobaqalar oʻtkazish odatga aylandi. Tuman turizm va sport boʻlimi tomonidan tashkillangan tadbir ham ana shu musobaqalarning navbatdagisi edi. Bu safar “Taptiqsaroy” MFYdagi xususiy sunʼiy qoplamali futbol maydonida tuman MFYlari bilan hamkorlikda uyushmagan yoshlar oʻrtasida sportning mini futbol turi boʻyicha “Hokim kubogi” musobaqalarining final bosqichi oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda sektor rahbari, tuman hokimi Sh. Tojihakimov va Oliy Majlis konunchilik palatasi deputati R. Begmatovlar ishtirok etib, ishtirokchilarga omadlar tilashdi. Musobaqada “Obod”, “Anhor”, “Istiqbol”, “Yuksalish”, “Paxtabod”, “Katta qoʻrgʻoncha”, “Kichik qoʻrgʻoncha” koʻchalari va “Taptiqsaroy” yoshlari oʻzaro bellashdilar. Finalda “Obod va “Paxtabod” koʻchalari yoshlari uchrashishdi. Hisob esa, 2:1 hisobida yakunlanib “Obod” koʻchasi yoshlarining qoʻli baland keldi.
Shuningdek, tumanning turizm va sport boʻlimi, IIB, Vatanparvar tashkiloti, tibbiyot birlashmasi, XTB, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bilan hamkorlikda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va har bir oilada jismonan sogʻlom muhitni mustahkamlash maqsadida nuroniylar, faxriylar, xotin-qizlar, uyushmagan yoshlar, tashkilot va muassasalarning ishchi-xodimlari, jami 250 dan ziyod odam ishtirokida “Sogʻlom hayot sari 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni hamda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazildi. Unda 3-sektor rahbari, tuman IIB boshligʻi I. Isaqov shaxsiy namuna koʻrsatib, ishtirok etdi.
Toshloq tumanida esa yunon-rum kurashi boʻyicha II xalqaro “Toshloq tumani hokimi kubogi” musobaqasi oʻtkazildi. Mazkur bellashuv Toshloq tumani hokimligi, viloyat turizm va sport boshqarmasi tuman boʻlimi, hamda tuman BOʻSM hamkorligida oʻtkazildi. Musobaqaning ochilish marosimida tuman hokimi A. Djurabayev ishtirok etib, yosh sportchilarga zafarlar tiladi. Musobaqalarda Respublikamizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalaridan 540 nafar yosh sportchilar ishtirok etdi. Musobaqa yakunida turli vazn toifalari boʻyicha 80 nafar yosh-sportchi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar taʼsischilarning medal, diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.